Murojaatnoma
Xonqa tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo’limi boshlig’ining sohada korrupsiyaga qarshi kurashishga oid murojaatnomasi.
Korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish.
Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Hozirda, korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro miqyosdagi kabi respublikamizda ham dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
Ma’lumki, korrupsiya o‘ziga tamagirlikni qamrab olgan holda jamiyatning ma’naviy ustunlari hamda demokratiyani yemirib, mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy taraqqiy etishi uchun ulkan xavf tug‘diradi. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul kilingan.
Xususan, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi “Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” mavzusidagi maruzasida “Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur”, deb ta’kidlagan edi.
Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti belgilangan bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshirishlari nazarda tutilgan.
Binobarin, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya masalalari Qonunning bir nechta moddalarida o‘z ifodasini topgan. Chunki huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak bo‘lgan va huquqiy ta’lim va tarbiya jihatdan yetuk bo‘lgan insonlar salbiy illat bo‘lmish korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydilar.
Bu borada, davlatimiz rahbari ko‘plab ma’ruza va chiqishlarida loqaydlik, beparvolik, poraxo‘rlik, korrupsiya, soxtakorlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilishga qarshi kurash butun jamiyatning maqsadiga aylanishi kerakligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tgan.
Korrupsiya keng qamrovli tushuncha bo‘lib, u jamiyatning ayrim qatlamlari, toifalari, guruhlari kundalik faoliyatiga aylanib, o‘zaro bir-biriga bog‘lanib, chirmashib ketganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi; ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, o‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko‘paytiradi; uchinchidan, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, g‘arb andozasiga o‘xshasa-da, mazmun-mohiyatiga ko‘ra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi.
Jamiyatda ustuvor soha — ta’lim tizimida tahsil oladigan o‘smirlar, yoshlar ongida tolerantlikni uyg‘otish muammosi oldimizda ko‘ndalang turibdi. “Jamiyatda poraxo‘rlik illatini yengib bo‘lmaydi”, degan fikr yoshlar ongida shakllanib qolgani eng katta kamchiligimiz.
Bu borada o‘nglanish, siljish qilmasak, millatimiz obro‘siga korrupsiya illati soya solib turaveradi. Toki, biz oilada, bog‘chada, maktabda o‘g‘il-qizlarimiz ongiga, ruhiyatiga tamagirlik, poraxo‘rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyatimiz tanazzuli, iqtisodiyotimiz orqaga ketishi sababi ekanligi haqida ko‘proq tarbiyaviy va targ‘ibot ishlarini olib bormasak, maqsad-muddaoga erisha olishimiz qiyin.
Mamlakatimizda ham siyosiy, ham iqtisodiy islohotlarni hayotga tatbiq etish paytida korrupsiya jiddiy to‘siq bo‘layotgani jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Shu bois Yurtboshimiz boshlab bergan jamiyatni demokratlashtirish, modernizatsiyalash jarayonlari qiyinchilik bilan davom etmoqda. Iqtisodiyotning investitsiya kiritilgan, “pul ishlaydigan”, birmuncha “yog‘li” tarmoqlariga o‘rnashib olgan “korrupsiya halqasi” milliy taraqqiyotimizning dushmani, jamoat nazorati esa ularga qarshi kurashda ojizlik qilayotgani ham afsuski bor gap. Mamlakatda korrupsiya sxemalari, mehnat qilmasdan tezda boyib qolish mexanizmlari, ishlangan usullari “zanjiri” uzib tashlanmas ekan, davlatimizning har qanday siyosiy, iqtisodiy islohotini hayotga olib kirish, xalqni farovon qilish vazifasi qog‘ozda qolib ketaveradi.
Korrupsiya va milliy taraqqiyot masalasi — yurt taqdiri, mamlakat kelajagi uchun har qachongidan muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Sababi yurtimiz aholisi bir asrlik mustamlakachilik davrida yo‘qotilgan moddiy hamda ma’naviy boyliklar o‘rnini qayta tiklash, iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy o‘zlikni asrash yo‘lida kechayu kunduz mehnat qiladigan davr keldi.
Muxtasar aytganda, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo‘lishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan bo‘lamiz.
Xonqa tuman Sanitariya-epidemiologik
osoyishtalik va jamoat salomatligi bo’limi boshlig’i D.K. Sapayev.